Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va funksiyalarini bajarishda volontyorlik faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2022-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston yoshlar portali negizida volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi.

Platformada volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbir, loyiha va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davri;

  • volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga olish;
  • hududlar va faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari ro‘yxati hamda ularning tadbirlari, loyihalari va aksiyalarini joylashtirish;
  • davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalarni joylashtirish;
  • volontyorlik faoliyatini chet elda amalga oshirish kabi holatlar qayd etib boriladi.

Yoshlar ishlari agentligi ushbu platforma faoliyati va uning doimiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi.

Davlat organlari rahbarlari volontyorlar jalb etiladigan yo‘nalishlar ro‘yxati va ichki yo‘riqnomasini tasdiqlaydi.

Volontyorlar komissiya tomonidan suhbat asosida tanlab olinadi.

Volontyorlik guruhlarning faol a’zolari davlat organlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari doirasida hamda qonunchilik hujjatlarida taqilanmagan boshqa manbalar hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

Davlat organlarining yoshlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosarlariga (maslahatchilariga) volontyorlar bilan ishlash vakolati yuklatiladi.