Joriy yilning aprel oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 100 megavatt quvvatli ikkinchi quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ma’lum qildi.
Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 197 megavatt bo‘lgan 5 ta, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 megavatt, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 megavatt, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 megavatt va Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.
2024-yilda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 megavattdan bo‘lgan 2 ta (jami 1 000 MVt) va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Shuningdek, yurtimizda yangi va zamonaviy issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 7 ta qaror imzolangan. Unga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan uch oyida uchta viloyatda umumiy quvvati 1 154 megavatt bo‘lgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, joriy yil dekabr oyiga qadar Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida quvvati 220 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
2023-yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1 500 megavatt, 2024 yil yakuniga borib esa Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1 560 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Qayd etilishicha, 2026-yilga borib yurtimizda umumiy quvvati 8 000 megavattga teng boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari hamda 6 008 megavattga teng yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Natijada Oʻzbekistonda ishlab chiqarish quvvatlari 27 400 megavattga yetkaziladi.