“Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida"gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga koʻra, kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish davlatning kiberxavfsizligini ta’minlashda ustuvor hisoblanadi.
Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Qonunga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida vakolatli davlat organidan kibertahdidlar, dasturiy ta’minotdagi, uskunalar va texnologiyalardagi zaifliklar toʻgʻrisidagi axborotni olish huquqiga ega.
Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda resurslari ma’lumotlarining saqlanishini ta’minlash ma’lumotlarning zaxira nusxalarini yaratish yoʻli bilan amalga oshiriladi, ularning saqlanish muddati oxirgi 3 oydan kam boʻlmasligi kerak.
Kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan ekspertiza majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub’yektlarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladi.
Quyidagilar kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi lozim:
- davlat organlarining axborot resurslari;
- davlat organlarining axborot tizimlari;
- muhim axborot infratuzilmasi ob’yektlari toifasiga kiritilgan axborot tizimlari.
Ekspertiza oʻtkazish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari hamda resurslarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun qoʻllaniladigan apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalar majburiy tartibda sertifikatlashtirilishi lozim.
Axborot tizimlari va resurslarida aniqlangan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar hamda boshqa buzgʻunchilik harakatlari toʻgʻrisidagi, shuningdek axborotlashtirish ob’yektlari haqidagi axborot ularni himoya qilish boʻyicha tegishli choralar koʻrilganidan keyin kiberxavfsizlik sub’yektining ruxsati bilan oshkor qilinishi mumkin.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.