Markaziy bank matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga chet eldan 1,47 milliard dollarlik pul o‘tkazmalari yuborilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foiz ko‘p.

Tijorat banklari jismoniy shaxslardan yanvar — mart oylarida 2,11 milliard (38%) dollar sotib olgan, aksincha ushbu muddat davomida 1,73 milliard (69%) dollarlik valyuta sotgan.


Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda jismoniy shaxslarning xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda yanada qulay sharoit yaratish maqsadida tijorat banklarida Zolotaya Korona, Western Union, Contact, MoneyGram, Migom, Unistream, RIA Money Transfer, Aziya-Ekspress, Intel Express, UPT kabi xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari ishlab turibdi.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar chet eldan xalqaro pul o‘tkazmasi orqali kelib tushgan pul mablag‘larini o‘z xohishlariga ko‘ra chet el valyutasida yoki milliy valyutada olish imkoniyatlari yaratilgan.

Bundan tashqari, masofaviy tarzda jismoniy shaxslar bank binolariga tashrif buyurmagan holda xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi orqali kelib tushgan pul mablag‘larini o‘zlarining bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilib olishlari bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilgan.