Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Tadimotda dastlab “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyihasi ko‘rib chiqildi.
Universitet uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil bo‘ladi.
Taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz bu hududning relefini inobatga olib, yo‘lni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavsizligini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligin ta’kidladi.