Startap loyihalari uchun AloqaTech Lab korporativ akseleratoriga arizalar 28-aprelga qadar qabul qilinadi. Akselerator IT Park, “Aloqabank” tijorat banki va “Aloqaventures” venchur fondi tomonidan ishga tushirilgan.

AloqaTech Lab uch oylik korporativ akselerator bo‘lib, u mutaxassislar ko‘magi, shuningdek, loyihalarni ishga tushirish uchun texnik, moliyaviy va marketing qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

Akseleratsiya dasturida startap g‘oyasiga ega boshlang‘ich jamoalar ham, ishlab chiqilgan biznes modeli va MVPga ega bo‘lgan tajribali jamoalar birdek ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun quyidagi yo‘nalishlar taklif qilinadi: moliyaviy texnologiyalar (FinTech), elektron tijorat va bozorlar (eCommerce), bulutli texnologiyalar (CloudTech), sun’iy intellekt (AI).

Akseleratsiya dasturida startap-loyihalarning virtual ishtiroki formati, ya’ni barcha ko’mak va maslahatlarni onlayn tarzda olish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Ushbu format, ayniqsa, respublikaning turli hududlaridan tashkil topgan jamoalar uchun manfaatli.

Loyiha yakunlangach, eng yaxshi startap loyihalar 50 ming AQSH dollarigacha sarmoya jalb qilishlari mumkin

Arizalar Aloqatechlab.uz orqali qabul qilinadi.