“Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, kichik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun banklarga 300 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.

Bunda:

  • kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi;
  • banklar tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2-yilgacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 5 milliard soʻmgacha miqdorda ajratiladi;
  • tadbirkorlarning faoliyat davri 6 oygacha boʻlganda 1 milliard soʻmgacha, 6 oydan 1-yilgacha boʻlganda 2 milliard soʻmgacha, 1-yildan 2-yilgacha boʻlganda 3 milliard soʻmgacha, 2-yildan 3-yilgacha boʻlganda 4 milliard soʻmgacha va 3-yildan oshganda 5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratiladi;
  • kredit liniyasi mablagʻlarining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma’muriy markazlaridan va viloyat boʻysunuvida boʻlgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.