Tashqi iqtisodiy vaziyatlarda sodir bo‘layotgan holatlarni inobatga olib Markaziy bankning asosiy va xatarli ssenariylar doirasidagi makroiqtisodiy prognozlari shartli ravishda yangilandi.
Asosiy ssenariy bo‘yicha import inflyatsiyasi, ishlab chiqarish, logistika va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillari ta’sirida inflyatsiya darajasi yil yakunlari bo‘yicha 12−14 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda (dastlabki prognoz 8−9 foiz).
Asosiy savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi, milliy valyuta kursining o‘zgarishi va migratsion oqimlar joriy yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 18−25 foizga kamayishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda.
Yalpi tashqi va ichki talab dinamikasidagi o‘zgarishlar, deflyatorning nisbatan yuqori bo‘lishi va fiskal sharoitlar ta’sirida 2022 yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 3,5−4,5 foiz doirasida kutilmoqda (yil boshidagi prognoz 5,5−6,5 foiz).
Umuman olganda ushbu prognozlar ko‘plab shartlarga asoslangan bo‘lib, tashqi iqtisodiy vaziyatning o‘zgarib borishi, amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar natijadorligini inobatga olib kelgusi yig‘ilishlarda makroiqtisodiy prognozlar qayta ko‘rib chiqiladi.