May oyidan boshlab O‘zbekistonda Xitoyning “BYD” avtokonserni bilan hamkorlikda elektromobillar va elektroavtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganiladi.
O‘rganilgan ma’lumotlar biznes-rejani ishlab chiqishga imkon beradi, loyihaning keyingi bosqichi — ishlab chiqarish to‘g‘risida shartnoma imzolash va qo‘shma korxona tashkil etish bo‘ladi.
Loyiha elektromobil akkumulyatorlari va elektrodvigatellarga texnik xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini yaratishni ham o‘z ichiga oladi.
“Hozirgi kunda bizda elektromobillarni yuqori kuchlanishda zaryadlovchi atigi 36 ta stansiya mavjud. Bu juda kam. Misol uchun Xitoyda har 1 ta elektromobilga 4 ta stansiya to‘g‘ri keladi. O‘rtacha elektromobil 10 Kvt elektr energiyasi bilan 100 km masofa bosib o‘tadi”, deydi “O‘zavtosanoat” AJ boshqarma boshlig‘i Shafqatbek Alimov.
BYD Auto Industry Co., Ltd. (“Build Your Dreams”) — BYD Co Ltd transmilliy kompaniyasiga tegishli korxona bo‘lib, u yangi energiya manbalaridan (NEV) foydalangan holda transport vositalarini ishlab chiqaradi. Turli mamlakatlarda 8 ta zavodga, R&D markazlari ega bo‘lib, NEW savdosi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni, Xitoyda esa 1-o‘rinni egallaydi. “Time” jurnali talqiniga ko‘ra, kompaniya dunyoning 100 ta eng nufuzli kompaniyalari ro‘yxatidan “Tesla"ni siqib chiqarib, reytingga kirdi.