“Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-214-son, 21.04.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan kasanachilikni fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat etiladi.

2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha:

  • ️kasanachilarga daromad soligʻi kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda koʻpi bilan 1 million soʻmgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
  • ️kasanachilar ijtimoiy soliq toʻlovini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
    ▫️olis va chekka hududlardagi mahallalarda (jami 252 ta) kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 3 oydagi faoliyati uchun 1 oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kasanachilar soni kamida 10 nafar boʻlgan tadbirkorlarga kredit summasining 75 foizi miqdorigacha kafillik beriladi.

2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da boʻlgan va kasanachilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi, biroq BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi tarkibida mavsumiy va kasanachilik ishlari portali ishga tushiriladi.