Yangi tahrirdagi yoʻl harakati qoidalari kuchga kiradi

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi qoidalarga binoan endilikda Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlaridagi gavjum koʻchalarda 60 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanish taqiqlanishi mumkin. Maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlari atrofidagi yoʻllarda 300 metrgacha boʻlgan masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, qoidalarga koʻra, avtomobilning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishi majburiy etib belgilandi.


Pensiya va nafaqalar naqd pulda beriladi

Prezident qaroriga binoan barcha turdagi pensiya va nafaqa toʻlovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, togʻli va olis tumanlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi toʻlash, ijtimoiy toʻlovlar hech qanday cheklovlarsiz toʻliq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, OTM talabalariga stipendiyalarning kamida 50%i naqd shaklda beriladi.


Pensiyani plastik kartada oluvchilarga qoʻshimcha 1% toʻlab beriladi

Prezident qaroriga koʻra, barcha turdagi davlat pensiyalari, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan toʻlanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni hamda kam taʼminlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1%i miqdorida qoʻshimcha pul oʻtkazib beriladi.


“Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini olish imkoniyati yoʻlga qoʻyiladi

Hukumat qaroriga asosan “Avtomobil tarixi” maʼlumotlarini shartnomaviy asosda Davlat xizmatlari markazlari, YaIDXP yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash boʻyicha davlat xizmati yoʻlga qoʻyiladi.


“Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushiriladi

Platforma nogironligi boʻlgan shaxslarning elektron maʼlumotlari, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻyicha tezkor murojaat qilish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi.


Yoshlarning turizm boʻyicha tashabbuslariga 50 mln soʻmdan grant ajratiladi

Prezident farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan har bir tashabbuskorga 50 mln soʻm miqdorida, jami 10 mlrd soʻmgacha grantlar ajratiladi. Bunda:

  • grant mablagʻlari onlayn toʻlovlarni qabul qiluvchi zamonaviy veb-sayt yaratishga, xorijiy mamlakatlardagi turizm koʻrgazma va yarmarkalarida ishtirok etishga yoʻnaltiriladi;
  • grant mablagʻlari belgilangan tartibda xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qilish sharti bilan ajratiladi.

Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting yoʻlga qoʻyiladi

Hukumat qaroriga asosan Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarda aviaspotting — belgilangan tartibga asosan aeroportlarda havo kemalari harakatini hamda parvozini kuzatish, shuningdek ularni professional va havaskorlar (aviaspotterlar) tomonidan foto, video tasvirga olishni amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, xorijiy aviaspotterlar jalb qilingan holda, mahalliy havaskorlar va professional aviaspotterlar uchun tanlovlar tashkil qilinadi.

Xotin-qizlar faolining oylik ish haqi oshiriladi

Prezident qaroriga muvofiq mahalladagi xotin-qizlar faolining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4,5 baravari miqdorida.

Mahalla raisining ish haqi miqdori mahallasidagi xonadonlar soniga qarab belgilanadi

Prezident qaroriga koʻra, mahalla raisining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (822 ming soʻm)ning 4 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (822 ming soʻm)ning 4,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq boʻlgan mahallada — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (822 ming soʻm)ning 5 baravari miqdorida.

Migrantlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalariga moddiy yordam koʻrsatiladi

Prezident qaroriga asosan 2022-yil 1-maydan boshlab hokim yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan har yili:

  • boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qilib kelgan pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma beriladi.

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar beriladi.


Yolgʻiz keksalarning tibbiy-ijtimoiy xizmatlar olishi qulaylashtiriladi

Prezident qaroriga asosan, ijtimoiy yordam koʻrsatish xizmati xodimlari yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Sall-markazi"ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi xizmatlarni koʻrsatadi:

  • “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;
  • shifokorlar retseptlariga asosan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning mablagʻlari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori koʻrigidan soʻng tibbiy koʻrik maʼlumotlarini yetkazish;
  • kutubxonalarga aʼzo boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.

Chet el fuqarolariga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi boʻlmasa ham koʻchmas mulk sotib olish imkoniyati taqdim etiladi

Prezident farmoniga koʻra, roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi beriladi:

  • Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati $150 ming ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati $180 ming ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari;
  • boshqa hududlarda — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati $70 ming ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati $85 ming ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtish va yashash guvohnomasini olish uchun asos boʻlmaydi.


Oʻzbekistonda 1-yanvardan, 1-fevraldan, 1-martdan va 1-apreldan kuchga kirgan oʻzgarishlar haqida ham oʻqishni unutmang.


Xabarni toʻldirishda lex.uz va kun.uz manbalaridan foydalanildi.