Fevral oyida Rossiya Ukraina hududida harbiy harakatlarni boshlagan edi. Bu orqali mamlakat iqtisodiyotining katta tarmoqlari, ishlab chiqarish, riteyl, xalqaro brendlar, avtokonsernlar, fastfud va boshqalar tark etdilar. Bu bilan birga Rossiydan Markaziy Osiyo va Kavkazorti mintaqasiga borib joylashgan relokantlar soni ham ko’payib ketdi.
Yevropa va Boltiqbo’yi davlatlari ma’lum vaqt Rossiya uchun havo yo’llarini yopib qo’ydilar. Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan ko’plab iqtisodiyotga zarba beruvchi sanksiyalar joriy etildi.
Mavzuga doir: Qaysi xalqaro kompaniyalar Rossiya bozorini tark etmoqda. Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalar fonida ko’plab global brendlar va kompaniyalar mamlakat bilan hamkorlikni to’xtatdi. Spot ushbu kompaniyalar ro’yxatini tuzib chiqdi.
Ammo tanganing boshqa tomonidan nazar tashlasak. Rossiya orqali olinadigan neft mahsulotlariga sanksiya joriy qilgan davlatlarning iqtisodiyoti qaysi tomonga o’zgaradi. Spot’ga “Sharqshunos tahlilchilar” tomonidan manbalarga asoslanib tahlil taqdim etildi.
Rossiya gazidan voz kechgan davlatlar iqtisodiyotidagi qiyinchiliklar:
1. Italiya
Italiya energiya resurslarini Misr va Jazoir kabi yaqin davlatlardan import qilish orqali Rossiyaga bog’liqlikni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Italiyaning neft va gaz bo’yicha “Eni” kompaniyasi Misr davlat gaz korporatsiyasi (EGAS) bilan shartnoma imzolanishini va gaz yetkazib berish hajmini maksimal darajada oshirish niyatida ekanligini bayon qildi.
Mavjud ma’lumotlarga ko’ra, hozirgi vaqtda Italiyada ijtimoiy-iqtisodiy hayot taxminan 40% Rossiya gazi importiga bog’liq. Ushbu bog’liqlikni kamaytirish uchun Italiya yaqin kelajakda Jazoirdan neft-gaz import hajmini taxminan 40% ga oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq, Jazoirning o’zi Italiya talab qiladigan hajmda gaz yetkazib bera oladimi?
Italiya Rossiyaga energiya qaramligini kamaytirish uchun Jazoirdan gaz importini oshiradi.
2. Boltiqbo’yi mamlakatlari
Aprel oyi boshidan beri Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiyadan gaz importini butunlay to‘xtatdi. Tabiiy gaz tizimi operatori boshqaruvi raisi Uldis Barissning aytishicha, Estoniya, Latviya va Litva Rossiyadan gaz importini butunlay to‘xtatmoqda. Litva Ukraina mojarosi boshlanganidan so’ng darhol Rossiya tabiiy gazini import qilishni to’xtatgan Yevropadagi birinchi davlat bo’ldi.
Mamlakat prezidenti Gitanas Nauseda o’z tvitter sahifasida shunday deb yozdi: “Agar biz (qo‘limizdan kelganini) qilsak, butun Yevropa bizdan o‘rnak olishi mumkin”. Ammo, Boltiqbo‘yi mamlakatlarini Latviya gaz zahiralari bilan qachongacha ta’minlay oladi, zaxiralar tugashiga qarshi qanday muqobil yechim topadilar? Shu kabi savollar ochiq qolmoqda.
3. AQSh
Amerika Qo’shma Shtatlari “Katta Yevropa” dan farqli ravishda Rossiya nefti va gazini import qilishni butunlay to’xtatdi. AQSh prezidenti Jo Bayden bu harakatni rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin pozitsiyalariga “eng katta zarba” deb atadi. Qo’shma Shtatlar buning uchun “ma'lum bir narx to’lashi” kerakligini tan oldi, lekin u “bu narxni minimallashtirish uchun hamma narsani qilishini” aytdi.
To’g’ri, Bayden aytgan “zarba” V.Putin uchun og’riqli bo’lganligiga shubha qilish mumkin. Chunki, Rossiya neftining AQShga eksportining umumiy ulushi unchalik katta emas. Rossiya energiya xomashyosini yetkazib berishga qarshi yangi sanksiyalar tufayli Amerikada benzin narxi sezilarli darajada oshdi. Mart oyi oʻrtalarida Qoʻshma Shtatlarda benzinning oʻrtacha narxi 2008-yildan beri birinchi marta 4 dollardan oshdi.
4. Buyuk Britaniya
B.Britaniya tomoni Rossiyadan hom-ashyo importi hajmini bosqichma-bosqich qisqartirish rejasi borligini va 2022-yil oxirigacha Rossiyadan neft va ko’mir importini butunlay to’xtatishni rejalashtirilyotganligini ma’lum qildi. B.Britaniya hukumati ushbu rejasini “Rossiyaning neft ishlab chiqarish va yetkazib berish qobiliyatini kamaytirish” uchun neftni qayta ishlash uskunalari eksportini to’xtatilishini e’lon qilishidan bilib olish mumkin.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Rossiyaning energiya eksportini boshqaradigan shaxslarga nisbatan keng qamrovli sanksiyalar ro’yxatini ma’lum qildi. Mazkur ro’yxatda Rossiyaning uchinchi neft giganti “Gazpromneft” OAJ bosh direktori Aleksandr Dyukov ham mavjud bo’lib, qo’yilgan sanksiyalar juda katta ta’sir qildi.
Biroq, britaniyaliklar hukumat tomonidan Rossiyaga nisbatan qo’yilgan sanksiyalardan mamnun deb aytish mushkul. Bundan tashqari, ko‘pchilik britaniyaliklarning fikricha, hukumat Rossiyaga qarshi eng qattiq sanksiyalarni qo‘llash bilan birga, mamlakat fuqarolari uchun bu qadamlar xarajatlarini ham imkon qadar kamaytirishi kerak.
5. Germaniya
Germaniya Yevropaning boshqa har qanday davlatiga qaraganda, Rossiya neft va gaziga bo’lajak embargo tufayli energiya narxining oshishi bosimni his qilmoqda. Germaniya “Shimoliy oqim 1” gaz quvuri orqali mamlakatga kiruvchi rus gazini to‘liq almashtira olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainadagi mojaro boshlanishidan oldin Germaniya hatto Rossiya gazini yetkazib berish hajmini ko‘paytirish niyatida edi — axir, aynan shu maqsadda “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri loyihasi amalga oshirilgan bo‘lib, u hatto to‘liq yakunlangan edi. Biroq, ayrim sabablarga ko’ra, Germaniya va Yevropa regulyatorlari ushbu quvur orqali yetkazib berishni boshlash uchun litsenziya bermagan.
“Biz Rossiyadan gaz yetkazib berishdan butunlay mustaqil bo‘lmoqchimiz va bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz, garchi bunga erishish biz uchun juda qiyin bo‘lsa-da: buning uchun bizda hozircha mavjud bo‘lmagan infratuzilmani yaratishimiz kerak”, deb ma’lumot berdi Germaniya kansleri Olaf Scholz.
Hindiston va Xitoy esa import hajmini oshirishdi
Yevropa davlatlari Rossiyaning energiya hom-ashyosiga nisbata sanksiyalar qo’yib, importni to’xtatgan biq vaqtda, Hindiston va Xitoy, yuqorida aytib o’tilganidek, bu muammoga mutlaqo teskari yondashuvni namoyish etmoqda.
Rossiyaning neft sektori katta sanksiyalarga duch kelgani sababli, Hindiston va Xitoydan kelgan xaridorlar o’zlarining zarur energiya tovarlari narxining yanada oshishidan qo’rqib, Rossiyadan xaridlarini kuchaytirdilar. Ukrainada harbiy operatsiya boshlanganidan beri Hindiston Rossiyadan kamida 13 million barrel neft sotib oldi.
Lekin Hindiston faqat Rossiya neftini sotib olish bilan cheklanib qolmoqchi emas aksincha, Rossiya ko‘mirini ham keng hajmda import qilishni rejalashtirgan. Hindiston po‘lat sanoati vaziri Ramchandra Prasad Singx Hindiston Rossiya ko’mirini keng miqyosda xarid qilishni boshlash niyatida ekanligini oshkor qildi.Ma'lumot o’rnida aytish joizki, hozirgi kunga kelib Hindiston Rossiyadan 4,5 million tonnadan ortiq rus ko‘mirini sotib olgan.
Xitoy, shuningdek, milliy valyutalarda hisob-kitoblarga o’tish bilan birga, Rossiyadan neft va ko’mirni ham sotib olishni ko’paytirmoqchi. Biroq, Xitoyning ko’plab kichik neftni qayta ishlash zavodlari ehtimoliy xavflardan qo’rqib, juda ehtiyotkorlik bilan Rossiya neftini import qilishni davom ettirmoqda.
Rossiyaning o’zida ham neft mahsulotlarini Yevropadan Osiyoga eksport qilishni yo’nalishlarini qayta tashkil qilishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muayyan muammolar mavjud:
Neft narxlari bo’yicha axborot xizmati ma’lumotlariga ko’ra, an’anaviy xaridorlarning rus neftini sotib olishdan bosh tortishi muqarrar ravishda Rossiyadan qora oltin eksport qilish yo’nalishlarini o’zgartirishga olib keladi, ammo bu jarayon juda uzoq vaqt talab etadi.
Xususan, mahsulotni yetkazib berish uchun sarflanadiga vaqt 2 oygacha cho’zilishi mumkin, (Yevropga yetkaib berish uchun 2 hafta vaqt sarflanar edi).
Shunday qilib, Rossiya duch keladigan birinchi muammo — bu Ural neftini tankerlarga quyishning iloji yo’qligi, chunki Primorsk portidagi to’xtash joylarida chuqurlik yetarli darajada emas. Shuning uchun, birinchi navbatda, yirik tankerlarga yuk tashish imkoniyatini ta’minlash uchun neftni Aframax tipidagi kemalar orqali boshqa portlarga yetkazib berish kerak bo’ladi. Bu jarayon Rossiya neftini osiyolik iste’molchilarga yetkazib berish muddatini yana bir haftaga uzaytiradi. Bu esa Osiyo eksport yo’nalishi jiddiy muammolarga to’la ekanligidan dalolat beradi.
Bularning barchasi Rossiya neftining osiyolik mijozlari Yevropa mijozlari uchun operativ o’rinbosar bo’la olmasligidan dalolat beradi.