Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi ikki qavatli bino auksion savdosiga qoʻyildi. E-auksion maʼlumotlariga koʻra, lot boʻyicha joriy auksion savdosi beshinchisi hisoblanadi.

2021-yilda qurilgan bino 0,15 gektar maydonda joylashgan boʻlib, shundan 0,11 gektar maydonda qurilmalar mavjud. Green Apple supermarketi va Lavini doʻkoni shu yerda joylashgan.

Bino 7 ta xonadan iborat boʻlib, umumiy maydoni 2130 kv.metrni tashkil etadi. Hamma kommunikatsiyalar — gaz, suv va elektr mavjud.


Apple Trade Corp MChJ lot egasi hisoblanadi. Xaridor savdodan keyin 2 oy ichida yakuniy miqdorni toʻlashi kerak.

Lotning yangi boshlangʻich bahosi — 13 mlrd soʻm (ilgari 8 mlrd soʻm edi). Auksion 10-may kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu sanada soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Bino uchun savdolar allaqachon toʻrt marta — oʻtgan yilning sentyabr oyidan dekabrigacha oʻtkazilgan. Lotga xaridor topishning imkoni boʻlmadi.

Avvalroq Spot MIB Toshkentda qurilish tsexi binosini qayta auksionga qoʻygani haqida xabar bergan edi. Avvalgi auksionlar boshqarmaning oʻzi talabiga binoan bekor qilingan.