Soʻnggi paytlarda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kreditlarga kafil boʻlgan fuqarolar tomonidan qarzdorlar oʻz vaqtida kreditlarni qaytarilmasligi natijasida ularni undirish kafilning hisob raqamiga qaratilayotganligi masalasida murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, oʻz vaqtida toʻlanmagan kredit qarzdorligi vujudga kelganda, qarz oluvchining hisobvaragʻida mablagʻi boʻlmasa, banklar tomonidan qarzdorlikni undirish nimaga qarz oluvchiga tegishli boshqa mol-mulklarga qaratilmasdan, qarzdorlikni soʻndirish darhol kafilning bank kartalaridagi mavjud pul mablagʻlari hisobidan aktseptsiz (mijozning roziligisiz) tarzda amalga oshirilayotganligi boʻyicha e’tiroz bildirilib, banklar bunday qilishga haqlimi, degan savollar berilmoqda.
Mazkur e’tirozlar boʻyicha kafil boʻlgan fuqarolar bilan suhbatlashilganda ular yaqin tanishlariga ishongan holda, qarz oluvchining moliyaviy holatini oʻrganib chiqmasdan hamda kafillik shartnomasi shartlari bilan toʻliq tanishmay turib, shunchaki “rasmiyatchilik uchun” imzo qoʻyib berayapman, degan fikr bilan kredit boʻyicha kafil sifatida oʻzlariga moliyaviy majburiyat olganliklari ma’lum boʻlmoqda.
Shu bilan birga, kredit boʻyicha kafil boʻlgan fuqarolar kafilning qonun hujjatlari va hatto kafilning oʻzi imzolagan kafillik shartnomalari shartlari bilan belgilangan huquq va majburiyatlari, shuningdek, kafillik qay holatlarda bekor boʻlishi toʻgʻrisida batafsil ma’lumotga ega emasligi natijasida kafil, qarz oluvchi va kredit tashkiloti (bank va mikrokredit tashkiloti) oʻrtasida turli tushunmovchiliklar paydo boʻlmoqda.
Ma’lumot uchun: Kafil fuqarolardan qarz oluvchi kredit toʻlovlarini vaqtida toʻlamaganda yuzaga kelgan navbatdagi qarzdorlik toʻlovlarini oʻz ixtiyoringiz bilan toʻlashga rozi boʻlarmidingiz, deb soʻralganda kafillarning aksariyati qarz oluvchilar barcha kredit toʻlovlarini oʻzlari toʻlashini, kafillik boʻyicha hech qanday muammo boʻlmasligini va’da qilib, kafil boʻlishga koʻndirganligini bildirgan hamda boshqa shaxs tomonidan olingan kredit toʻlovlarini toʻlashga xohishi yoʻqligini ta’kidlagan.
Qayd etish lozimki, kafil shaxs kredit mablagʻi ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan baravar hajmda javob beradi shu jumladan, kafil shaxs kredit tashkilotiga qarzdorning oʻz vaqtida toʻlanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini toʻlashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bogʻliq sud xarajatlarini va qarzdor oʻz majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kredit tashkilotiga yetkazilgan boshqa zararlarni ham toʻlaydi.
Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati Sizlarni boshqa bir shaxsning krediti boʻyicha kafil sifatida qatnashishdan avval kelajakda oʻzingiz hamda qarz oluvchining moliyaviy holati yomonlashuvi sababli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarni (moliyaviy yoʻqotishlar, kredit tarixi ma’lumotlari yomonlashuvi, turli protsessual jarayonlarda javobgar sifatida qatnashish) toʻgʻri baholashga, moliyaviy imkoniyatlaringizni aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda tahlil qilishga, shuningdek, havolada keltirilgan tavsiya va ma’lumotlar bilan batafsil tanishib chiqishga chaqiradi.