Prezident farmoni (PF-121, 27.04.2022-y.) bilan Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi etib qayta tashkil etildi.
Quyidagilar Agentlikning ustuvor vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;
- kripto-aktivlar aylanmasi sohasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- davlat boshqaruvi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasini va boshqa eng yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni tashabbus qilish va ilgari surishga koʻmaklashish.
Farmon bilan kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasiga texnologiyalarni joriy qilayotgan yuridik shaxslar uchun maxsus tashkiliy-huquqiy sharoit yaratishni nazarda tutuvchi Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimini (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) belgilaydi.
“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish doirasida:
- Maxsus rejim ishtirokchilari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni, shuningdek belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, oʻz ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy ta’minot vositalari uchun bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etiladi;
- Maxsus rejim ishtirokchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha xodimlar tomonidan olingan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar 7,5 foiz miqdordagi qat’iy belgilangan stavka boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortiladi hamda soliq solish maqsadida belgilanadigan jismoniy shaxslarning umumiy yillik daromadlari hajmiga kiritilmaydi.