Qirgʻiz Respublikasi 1-maydan boshlab mamlakatga kirishda manfiy PZR-test toʻgʻrisidagi hujjat taqdim etish talabini bekor qildi.
Xabar qilinishicha, mamlakat vazirlar mahkamasi raisi oʻrinbosari Edil Baysalov koronavirusga qarshi kurashish shtabi yigʻilishini oʻtkazdi. Yigʻilishda respublikadagi epidemiologik vaziyat toʻgʻrisidagi hisobot tinglandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligiga 1-maydan boshlab Qirgʻiz Respublikasi hududiga kirib kelayotgan mamlakat va xorij fuqarolaridan manfiy PZR-test natijasi yoki emlanganlik toʻgʻrisidagi sertifikatni taqdim etish talabini bekor qilish topshirigʻi berildi.
Bundan tashqari, vazirlar mahkamasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatda favqulodda vaziyat rejimini joriy etish toʻgʻrisidagi hukumat farmoyishini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish koʻzda tutilmoqda.
Bundan oldin Oʻzbekiston Turkiya, Qozogʻiston va Tojikiston bilan emlanganlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish haqidagi kelishuvga erishilgandi.