Prezident pensiya va nafaqalarni 1-maydan 12% ga oshirish toʻgʻrisida farmonni imzoladi.
Shuningdek:
- eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14% ga oshiriladi (440 ming soʻmdan 500 ming soʻmga);
- 9-may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida boʻlgan fuqarolarga 15 million soʻmdan beriladi.
Mutasaddilarga:
- yolgʻiz yashayotgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj odamlardan shaxsan xabar olib, ularga sovgʻa-salomlarni yetkazish;
- urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida boʻlgan fuqarolarning har birining xonadoniga shaxsan borib, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirish;
- 10 ming nafar front ortida mehnat qilgan faxriylar bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar olish va sovgʻa-salomlar yetkazish topshirildi.
Bundan tashqari, davlat rahbari ishtirok etgan yigʻilishda oʻzini oʻzi band qilgan va hunarmandchilik bilan shugʻullanadigan nogironligi boʻlgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratilishi, ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan oʻqitilishi taʼkidlandi.