Prezidentning “Qoraqalpogʻiston Respublikasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan “Nukus” texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Toshkent shahar hokimligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida, “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi 30 gektar yer maydonida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan “Nukus” texnoparkini tashkil etish;
- texnopark faoliyatini boshqarish “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi" davlat unitar korxonasiga yuklatish takliflari maʼqullanadi.
Texnopark hududi chegaralari ilovaga muvofiq tasdiqlanadi hamda mazkur hudud “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi hududi chegarasidan chiqarib tashlanadi.
Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
- yuqori qiymatga ega boʻlgan, tashqi bozorda xaridorgir va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
- xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
- respublikada ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;
- texnopark ishtirokchilari oʻrtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
- texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni koʻrsatish infratuzilmasini yaratish.