Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi.
Unga muvofiq, 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari (mahalliy turistlar) uchun “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika hududlari boʻylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“keshbek”) tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablagʻlarni qaytarish hamda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan, uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning oʻzida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:
- avia, temiryoʻl va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;
- joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
- madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish;
Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:
- aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- temir yoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50%i, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.
Platforma Davlat soliq qoʻmitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini koʻrsatish orqali sayohatlar roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Joylashtirish vositalariga quyidagilar kiradi:
mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari — vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa obyektlar, shuningdek, tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transporti.
Moliya vazirligi respublika byudjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan sayohat xarajatlarini qaytarishni moliyalashtirish uchun joriy yilda jami 30 mlrd soʻm, jumladan, uning birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun bir hafta muddatda 10 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarning Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilishini taʼminlaydi.