Davlat soliq qo‘mitasi 2022 yilning I choragi yuzasidan soliq tushumlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Yilning birinchi choragida budjetga soliq daromadlari 34, 495,1 mlrd so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 17% o‘sish qayd etilgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushum — 7,5 trln so‘mni tashkil etib, umumiy o‘sish 27% ga yetdi. Bu soliq turi bo‘yicha tushumlar o‘sishida Navoiy viloyati (93%), Toshkent shahri (86%) va Farg‘ona viloyati (83%) yetakchilik qildi.


Soliq qo‘mitasi QQS tushumlarining oshishini soliq ma’murchiligining raqamlashtirilishi orqali qo‘shilgan qiymat zanjiridagi uzilishlarning oldini olish imkoniyati kengaytirilgani bilan izohlagan.


“Bundan tashqari, xarid cheklari taqdim etilishini rag‘batlantirish institutining joriy etilishi keng jamoatchilik faolligini oshirib, aylanmadan olinadigan soliq tushumi 1,3 baravar o‘sdi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha soliq to‘lovchilar soni oshgan. Xususan, foyda solig‘i to‘lovchilari 22,8 mingtaga, QQS 19 ming, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari soni 16,7 mingtaga ko‘paygan.

Avvalroq Spot go‘shtni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati uzaytirilganligi haqida yozgan edi.