“Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ-240, 11.05.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ye-Antikorrupsiya” loyihasi to‘liq ishga tushiriladi:
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
- “Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri"ni shakllantirish va yuritish;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvargacha davlat boshqaruvi organlarida quyidagi talablar asosida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi:
- ️vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish;
- ️tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to‘plash va unga ishlov berish;
- ️kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
- ️xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy o‘qitish;
- ️kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish.