“Oʻzbekkosmos” Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi agentlik matbuot xizmati.
“Oʻzbekkosmos” bosh direktori Shuhrat Qodirov va SpaceX vakili Ben MakVilyams ikki tomonlama hamkorlik masalasini koʻrib chiqdi. Uchrashuv 9-may kuni Space Technology Conference STC-2022 xalqaro konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.
Xususan, yuqori tezlikdagi keng polosali sunʼiy yoʻldosh internet tarmogʻiga ulanishni taʼminlash uchun Starlink loyihasini Oʻzbekiston bozoriga jalb etish koʻzda tutilgan.
Kompaniya vakili Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov bilan ham uchrashdi.
Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi rahbari “hamkorlikni kengaytirish maqsadida” Oʻzbekistonda SpaceX ofisini ochishni taklif qildi.
Mavzuga doir: Sunʼiy yoʻldosh interneti aslida nima va u dunyoni qay darajada oʻzgartira oladi?
Starlink — global sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimi loyihasi. U Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Tizim Yerga yaqin orbitada koʻp sonli kichik qurilmalarni (ogʻirligi 500 kg gacha) joylashtirish orqali butun dunyo boʻylab foydalanuvchilarga Internet tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun moʻljallangan.