Prezidentning “Respublikada asalarichilik tarmogʻini jadal rivojlantirish va asalarichilik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Unda quyidagilar oʻrin olgan:
- Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mevali bogʻlarni asalari yordamida changlatish boʻyicha tuziladigan shartnomalarga asosan har bir asalari oilasi uchun changlatish mavsumida oyiga bazaviy hisoblashning 40%i miqdorida subsidiya berish;
- “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi aʼzolariga har yili asalari qishlovi davrida (oktyabr-aprel) ozuqa sotib olish uchun har bir asalari oilasiga bazaviy hisoblashning 30%i miqdorida davlat byudjetidan subsidiya ajratish;
- uyushmaga aʼzolik badalini har bir asalari oilasi uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdori 7%i etib belgilash.
Shunday tartib oʻrnatiladiki, unga koʻra:
- Moliya vazirligi asalarichilik xoʻjaliklarining qishlov davri xarajatlarini qoplash uchun har yili Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi tomonidan taqdim etiladigan xarajatlar hisob-kitoblariga asosan davlat byudjetidan subsidiya ajratadi;
- mevali bogʻlarni asalari yordamida changlatish tadbirini oʻtkazish xarajatlarini qoplash uchun Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi va “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi tomonidan tasdiqlanadigan asalari oilalarini joylashtirish dislokatsiyasi va hisob-kitoblariga oʻrnatilgan tartib asosida subsidiyalar ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi bilan birgalikda asalarilar joylashuv dislokatsiyasi konturlar kesimida aks etadigan dastur ishlab chiqish va ushbu dastur orqali kimyoviy ishlov berilayotgan hudud boʻyicha besh kun oldin preparatlar tirik mavjudotlarga zarari, taʼsir radiusi hamda zarur himoya choralari toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirgan holda ogohlantirib borish tizimini joriy etadi.
Belgilab qoʻyilishicha:
- asalari boqish orqali kamida 100 ta xonadonda daromad manbaini tashkil etgan asalarichilik kooperatsiyalari 2022-yil 1-iyuldan boshlab uch yil muddatga daromad soligʻi va mulk soligʻi toʻlashdan ozod etiladi;
- asalarichilik xoʻjaliklariga bahor va yoz mavsumi davomida asalari oilalarini qoʻshni mamlakatlarga “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida koʻchirib chiqarishga ruxsat beriladi;
2025-yil 1-yanvarga qadar:
- “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qoʻshni mamlakatlarda yigʻib olingan asal mahsulotining har bir asalari oila uchun 50 kilogrammdan oshmagan qismini respublika hududiga olib kirishda asalarichilik xoʻjaliklari bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladi;
- oʻz ehtiyojlari va boshqa asalarichilik subyektlariga yetkazib berish maqsadida import qilinadigan asalni qayta ishlash va qadoqlash asbob-uskunalari, asalarichilik inventar va uskunalari, asalari uyalarini tashish tirkamalari, asalari uyasini ishlab chiqarish uchun yogʻoch, materiallar, penopoliuretan, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.
- Mazkur qarorda nazarda tutilgan tovarlar importi boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 50% ga pasaytiriladi.