Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:
- yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchun — BHMning 30 baravarigacha (8 mln 100 ming soʻmgacha) miqdorida;
- sugʻorish vositalari xarid qilish uchun — BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida;
- urugʻliklar va koʻchatlar sotib olish uchun — BHMning 3 baravarigacha (810 ming soʻmgacha) miqdorida;
- ishsiz fuqarolar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun — BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida;
- “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qoʻlda gilam va ipak mato toʻqish bilan shugʻullanuvchilarga 3 tadan kam boʻlmagan ish oʻrni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato toʻqish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun — har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida;
- “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasi aʼzolariga qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish oʻrni yaratish sharti bilan BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida;
- 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 2 baravaridan (540 ming soʻmdan) oshmagan miqdorda bir martalik;
- tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari"ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun — 7 mln soʻmgacha, xotin-qizlarga 10 mln soʻmgacha;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara toʻlovini toʻlash uchun —
BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorida (bunda uch oy davomida toʻlab beriladigan subsidiya uch oyga teng taqsimlangan holda har bir oy uchun toʻlab beriladi); - hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga aʼzolik badali xarajatlari uchun — aʼzolik badali miqdorida;
- aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga — yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — sarflanadigan xarajatlarni toʻlashda bir martalik;
- “usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash uchun — 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan (540 ming soʻmdan) kam boʻlmagan miqdorda;
- shogirdlarga — mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna
va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga — internet saytlarini tashkil etish, oʻz mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan (6 mln 750 ming soʻmdan) oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, kasb-hunarga oʻqitish markazlarining oʻquv xonalarida oʻqitish qiyin boʻlgan quyidagi kasb yoʻnalishlarida “usta-shogird” anʼanalari asosida hunar oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga yoki hunar oʻrgatayotgan (yoki oʻrgatmoqchi boʻlgan) ustalarga shogirdlar tayyorlash yoki shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlash uchun — 3 oy mobaynida har bir shogirdga (biroq, shogirdlar soni besh nafardan oshmagan holda) har oyda BHMning 4 baravarigacha (1 mln 80 ming soʻmgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi:
- avtotyuning (avtomobillarga aksessuarlar va avtosignalizatsiya oʻrnatish, gʻiloflar va pol qoplamalarini tikish);
- maishiy texnikani oʻrnatish va taʼmirlash;
- kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash;
- video va fotosuratga olish;
- mebellarni taʼmirlash va yigʻish;
- sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari;
- kosmetolog xizmatlari;
- multimedia, dizayn va sanʼat materiallarini yaratish va ularga ishlov berish;
- dasturiy taʼminot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qoʻllab-quvvatlash.
Subsidiya turidan foydalanmoqchi boʻlganlar tavsiya berishni soʻrab oʻzining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yozma yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
Maʼlumotlar oʻrganib chiqilib, oʻrganish natijasiga koʻra (agarda xulosa va hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topsa) subsidiya ajratiladi.