“Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Qazaqstan temir joly” bilan kelishilgan holda, yoʻlovchi poyezdlari qatnovi tiklanishini eʼlon qildi.

  • 15-may kuni 647/648-sonli Nukus — Beyneu — Nukus yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdining qatnovni boshlanadi.
  • 16-maydan boshlab esa Olma-ota-2 — Toshkent — Olma-ota-2 yoʻnalishida ½-sonli (“Tulpar-Talgo”) poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu reyslarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3 marta “Toshkent-Markaziy” vokzalidan amalga oshiriladi.

Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yoʻl kassalarida sotib olish mumkin. Qozogʻiston chegarasidan oʻtish uchun elektron chiptani A4 formatidagi qogʻozga chiqarib olish lozim.

“Boshqa qoʻshni davlatlar bilan temir yoʻl yoʻnalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha maʼlumotlarni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yoʻl kassalari hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olish mumkin.

Qozogʻistonga kirish uchun PZR-test topshirish kerak

Qozogʻiston davlat chegarasidagi oʻtish punktlari orqali Qozogʻistonga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19ga test sinovidan oʻtgani haqida maʼlumotnoma taqdim etishi shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur maʼlumotnoma Qozogʻiston Respublikasi davlat chegarasidan oʻtishdan oldin kamida 72 soatdan koʻp boʻlmagan muddatda boʻlishi shart.

  • Quyidagi toifa shaxslardan maʼlumotnoma talab qilinmaydi:
  • Qozogʻiston bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga asosan Qozogʻiston hududida haqiqiy deb tan olinadigan COVID-19ga qarshi emlanganlik pasporti/sertifikati/maʼlumotnomasiga ega shaxslar;
  • Qozogʻiston Respublikasida COVID-19ga qarshi revaksinatsiya yoki toʻliq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan soʻng Qozogʻiston Respublikasi chegarasini kesib oʻtish vaqtida 6 oydan oshmasa);
  • 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga boʻlgan) shaxsda ushbu maʼlumotnoma mavjud boʻlsa;
  • Qozogʻiston Respublikasi hukumat delegatsiyalari aʼzolari;
  • Lokomotiv brigadalari, temir yoʻl, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar.

Qozogʻistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalaridan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, “Puteshestvuyu bez COVID-19” ilovasidan roʻyxatdan oʻtishlari talab etiladi.

Tana harorati yuqori boʻlgan shaxslar aniqlangan holatlarda, maʼlumotnomaning mavjudligidan qatʼi nazar, yuqumli shifoxonada izolyatsiya qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistondan xorijiy mamlakatlarga yoʻlovchi poyezdlari qatnovi 2020 yil mart oyida, COVID-19 pandemiyasi tufayli toʻxtatilgan edi.