Prezidentning “Koreya Respublikasi hukumatining grant mablagʻlari hisobiga “Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilikda ilgʻor texnologiyalar oʻquv markazini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Undan quyidagi bandlar joy olgan:
- “Oʻzbekistonda meva-sabzavotchilikda ilgʻor texnologiyalar oʻquv markazini tashkil etish” loyihasini moliyalashtirish uchun Koreya Respublikasi hukumati tomonidan 4 yil muddatga $3,7 mln (4,5 mlrd Koreya voni) miqdorida grant mablagʻlari ajratilishi tasdiqlangan;
- Koreya qishloq jamiyatlari korporatsiyasi (KRC) va Koreyaning Qishloq xoʻjaligida xalqaro hamkorlik instituti (DICA) loyihani amalga oshiruvchilardir;
- loyiha Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hokimligi zaxirasidagi “A.Yassaviy” MFYda joylashgan qishloq xoʻjaligi xaritasi 2261q-konturidagi yer maydonining 2 gektar qismida amalga oshiriladi;
- loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2022−2026-yillar) tashkil etadi.
Belgilanishicha, loyiha doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- markaz tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan meva-sabzavotchilikning ilgʻor texnologiyalari boʻyicha oʻquv markazi hamda namunaviy xoʻjalik tashkil etish;
- oʻquv markazi hamda namunaviy xoʻjalik tashkil etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda ishtirok etuvchilar, xususan dehqon va fermer xoʻjaliklari uchun ilgʻor bogʻdorchilik texnologiyasi boʻyicha oʻquv va malaka oshirish kurslari tashkil etish;
- meva-sabzavotchilikda zamonaviy texnologik asbob-uskunalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasi mutaxassislarini, fermer xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitishda koʻmaklashish.
- Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hokimligi zaxirasidagi qishloq xoʻjaligi xaritasining 2261q-konturidagi 4,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati Agroxizmatlar markaziga ajratiladi.
Ajratiladigan yer maydonining 2 gektari qurilish amalga oshirilishi uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan tegishlicha aholi punktlari yerlari hamda sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkaziladi.