Innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan “Ayollar biznesiga ilk qadam” tanlovi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda akademiya matbuot xizmati.
Tanlovni qoʻllab-quvvatlash va innovatsiyalar jamgʻarmasi hisobidan 10 mlrd soʻm ajratiladi.
Tanlov shartlariga koʻra, ayollarning yoshi 40 yoshdan oshmasligi kerak. Shuningdek, tanlovda ishtirok etishda ishtirokchilarning ilmiy darajasi, bilimi, lavozimi va ish joyi hisobga olinmaydi.
Bir jamoada besh kishidan ortiq ishtirok eta olmaydi, bitta jamoa faqat bitta loyihani taqdim etishi kerak. Biznes-loyihalarni toʻliq amalga oshirish muddati bir yilgacha.
Biznes-loyihani amalga oshirish uchun soʻralgan summa 2000 BHM (540 mln soʻm) dan oshmasligi kerak.
Startap loyihalarga arizalar 1-iyun soat 18:00 gacha qabul qilinadi.
“Taqdim etilgan biznes-loyihalar tanlov talablariga muvofiqligi, loyiha materiallarining ishonchliligi, haqiqiyligi va plagiatning yoʻqligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot innovatsion infratuzilmani kengaytirish bilan bogʻliq startap-loyihalar tanloviga saralash boshlangani haqida yozgan edi.