“Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-241-son, 11.05.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-sentabrdan respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.
Reyting doirasida har oʻquv yili yakunida maktablardagi ma’naviy-ma'rifiy ishlar holati baholab boriladi.
Maktablar reyting koʻrsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Reyting koʻrsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan maktablarda ma’naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.
Qarorga koʻra, har chorakda namunali oʻquvchilarning ota-onalarini ragʻbatlantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
2022-yil 1-sentabrdan ota-onalar “мй.мактаб.уз” axborot tizimi orqali umumiy oʻrta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishib borishi mumkin.
Qarorga koʻra, 2023−2024-yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash boʻyicha dasturni moliyalashtirish uchun respublika budjetidan 200 milliard soʻm, mahalliy budjetlar hisobidan 200 milliard soʻm miqdorda mablagʻlar ajratiladi.
2022/2023 oʻquv yilidan 400 nafargacha oʻquvchisi boʻlgan maktablarda Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, oʻquvchilar soni 400 nafardan yuqori boʻlganlarda — kamida 100 Mbit/s boʻlishi ta’minlanadi.
2022-yil 1-sentabrgacha fan oʻqituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portal yaratiladi.
Qarorga koʻra, 2022−2026-yillarda respublika boʻyicha jami 2 899 ta (jumladan, joriy yilda 433 ta) maktabda qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
2022-yil 1-avgustgacha umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalari namunaviy loyihalari ishlab chiqiladi.
2023-yil 1-yanvardan:
- umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari har 11-yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi. Bunda, umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida oʻtishi mumkin;
- Umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari quyidagi tartibda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi;
- faoliyat yuritayotgan umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari — amaldagi akkreditatsiya sertifikatining muddati tugaganidan soʻng 11 yil muddatga;
- yangi tashkil etiladigan umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari — ular tashkil etilgan paytdan boshlab (belgilangan tartibda litsenziya olgan paytdan boshlab) 11 yil muddatga;
- davlat umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringi joriy etiladi;
- uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori boʻlgan davlat va nodavlat umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).
2025-yil 1-yanvargacha xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.