Starlink sunʼiy yoʻldosh Interneti Oʻzbekistonda taxminan 2023-yilda ishlay boshlaydi, bu haqda SpaceX veb-saytidagi interaktiv xaritasida maʼlum qilingan.
Shu hafta Toshkentda boʻlib oʻtgan kosmik konferensiyada Starlink mavzusi koʻtarildi. “Oʻzbekkosmos” bosh direktori buni SpaceX vakili Ben MakVilyams bilan muhokama qildi, Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi rahbari Sherzod Shermatov kompaniyaning Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochishni taklif qildi.
Xaritaga koʻra, hozirda xizmat 32 ta davlatda, asosan rivojlangan mamlakatlarda mavjud. Qamrov hududiga Yevropaning katta qismi, janubiy Avstraliya, Yangi Zelandiya, shuningdek, AQSh va Meksikaning aksariyat qismi, Kanada, Chili va Braziliyaning bir qismi kiradi.
2022-yil fevral oyida Starlink ikki mamlakatda navbatsiz ishga tushdi. Tonga vulqon otilishi suv osti kabelini uzib qoʻyganidan keyin kirish huquqiga ega boʻldi va Ukraina harbiy harakatlar boshlanganidan keyin tarmoqqa ulandi.
Joriy yilning oxiriga kelib Starlink Argentina, Kolumbiya, Paragvay, Serbiya, Bosniya va Gertsegovina, Albaniya, Nigeriya, Mozambik va Yaponiyada ishlashi kutilmoqda. 2023-yil boshida u Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Islandiya va boshqa baʼzi mamlakatlarda paydo boʻladi.
Yaqin kelajakda 9 ta davlatda xizmatning ishga tushirilishi kutilmaydi. Bular Rossiya, Belarus, Xitoy, Shimoliy Koreya, Afgʻoniston, Eron, Suriya, Venesuela va Kubadir.
Starlink global sunʼiy yoʻldosh aloqa tizimi 2019-yildan beri qurilmoqda, ammo sinovlar bir yil oldin amalga oshirilgan. SpaceX foydalanuvchilarga Yerning past orbitasida kichik (ogʻirligi 500 kg gacha) apparatlar tarmogʻidan foydalangan holda Internetga kirishni taʼminlashni rejalashtirmoqda.
2020-yilning yozida Starlink-ning beta-testi uning tezligi 11 dan 60 Mbit/s gacha ekanligini koʻrsatdi. Ilon Maskning taʼkidlashicha, uning tezligi “5G va simli Internetnikining oʻrtasida”.
Rejaga koʻra, tarmoq 2021-yil sentyabrida qutblardan tashqari butun sayyorani qamrab olishi kerak edi. Biroq jismoniy signaldan tashqari, har bir mamlakatning ruxsati talab qilinadi.