“Savdo va xizmat koʻrsatish sohasida jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Unda sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini jismoniy shaxslarga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Oʻzbekiston va chet davlatlar fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining 1%i ularning fiskal belgili cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda qaytariladi.
Korporativ karta orqali tovarlar (xizmatlar) sotib olingan hollarda, soliq organlarining maxsus mobil ilovasida chek roʻyxatdan oʻtkazilganda jismoniy shaxslarning bank kartasi raqami koʻrsatiladi.
Quyidagi cheklar soliq organlari maxsus mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi:
- berilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgan cheklar;
- avval roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarilgan cheklar;
- avtomobil, havo va temiryoʻl chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan toʻlov cheklari;
- shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari.
Jismoniy shaxs tomonidan sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarib olinishi ushbu jismoniy shaxsning jami daromadiga kiritilmaydi.
Maxsus dastur orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan holatlar haqida soliq organlarini xabardor qilgan jismoniy shaxslarga pul mukofotini toʻlash toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Soliq organlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar holatlari haqida soliq organlarining maxsus dasturi orqali quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda xabardor qilinadi: sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlik turi; soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan xoʻjalik yurituvchi subyekt joylashgan joy.
Huquqbuzarliklar haqida xabar berishda jismoniy shaxs soliq organlarining maxsus dasturida mobil telefon hamda bank kartasi raqamlarini koʻrsatadi.
Bir martalik pul mukofoti soliq huquqbuzarliklari uchun belgilangan jarimalarning 20%i miqdorida belgilanadi.
Jismoniy shaxslarga bir martalik pul mukofoti quyidagi holatlar toʻgʻrisida soliq organlarini xabardor qilganlik uchun toʻlanadi:
- onlayn nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qoʻllash tartibi buzilganligi;
- naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlar sunʼiy ravishda oshirilganligi yoki pasaytirilganligi;
- tadbirkorlik faoliyati davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirilganligi;
- identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qoʻllanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi;
- savdo va xizmatlar koʻrsatish qoidalarining buzilishi aniqlangan boshqa holatlar.