Yagona portalning xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining 14-fevraldagi 71-sonli qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin boʻldi.

Fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy, yuridik shaxslar esa noturar bino-inshootlarga ega. Endi ular oʻzlariga tegishli koʻchmas mulk — yer uchastkalarini (koʻp qavatli uylar bundan mustasno) kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali xususiylashtirishi mumkin (agar bino kadastrdan oʻtmagan boʻlsa, yer xususiylashtirilmaydi).

Shu kunga qadar fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi yerlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan noturar joy obyektlarining yer uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilgan. Yaʼni, bino oʻzingizga tegishli boʻlsa ham, uning yeri davlatniki boʻlgan.

Endi mana shu yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun jismoniy va yuridik shaxslar my.gov.uz orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Kelib tushgan ariza Kadastr agentligi va Qurilish boʻlimlariga yoʻnaltiriladi. Kadastr boʻlimlari yer uchastkasining ariza bergan fuqaro nomiga rasmiylashtirilganmi yoki yoʻqmi, yaʼni roʻyxatdan oʻtkazilganini tekshiradi. Bunda yer uchastkasi oʻzgarmagani, bugungi kunda ham reyestrda mavjudligi, taqiq va cheklovlar yoʻqligi, xususiylashtirishga monelik qilmaydigan tomonlari tekshirib chiqiladi.

Qurilish boʻlimlari esa yer uchastkasi hududining shaharsozlik meʼyorlariga mos kelishini oʻrganadi. Barcha tekshiruvlardan oʻtgach, fuqaroga xususiylashtirish haqida xabarnoma yuboriladi va talabgor toʻlovni amalga oshiradi.

Maʼlum qilinishicha, arizani koʻrib chiqish uchun 24 300 soʻm miqdorida yigʻim undiriladi. Shu bilan birga, yer uchastkasini xususiylashtirish uchun differensial toʻlov undiriladi.

Mulkdorlar uchun xususiylashtirish toʻlovi yer uchastkasiga hisoblangan soliq miqdorining 20 barobari deb belgilangan. Masalan: agar fuqaro bitta hovliga yiliga 100 ming soʻm soliq toʻlasa (bunda mol-mulk soligʻi qoʻshib hisoblanmaydi, aynan yer uchastkasiga toʻlanadigan soliqqa nisbatan hisoblanadi), xususiylashtirish uchun 2 mln soʻm toʻlov amalga oshiriladi. Shundan soʻng oʻsha yer uchastkasiga boʻlgan davlat orderi beriladi. Ushbu order asosida kadastr organlari yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazishadi.

Har bir jismoniy va yuridik shaxs oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkasini faqat oʻzigina sotib oladi. Bu auksionga qoʻyilmaydi va boshqa odam sotib olishi yoki boshqa odamga oʻtib ketishi mumkin emas.