Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi avtomobil bozoridagi savdo oʻzgarishlari haqida tahlil oʻtkazdi.

Unga koʻra, 2022-yil aprel oyida 129,1 ming dona avtotransport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi va bu oʻtgan yilning aprel oyiga (63,3 ming) nisbatan 104% ga koʻproq. Shu bilan birga, joriy yilning mart oyiga nisbatan 15,1% ga sotuvlar hajmi koʻpaygan.

Shuningdek, 2021-yilda ikkilamchi bozorda bir oyda oʻrtacha 40 ming dona avtotransport vositalari sotilgan boʻlsa, joriy yil aprel oyida ushbu koʻrsatkich 96,9 ming donani tashkil etdi, yanvar oyida 85,3 ming donaga, fevral oyida 101 ming donaga, mart oyida 84,7 ming donaga yetgan edi.


Birlamchi bozorda sotib olingan avtomobillar soni 32,1 ming donani tashkil etib, mart oyiga (27,5 ming) nisbatan 16,9% ga koʻpaydi. 2021-yil aprel oyiga (21,3 ming) nisbatan avtomobil savdosi 51% ga oshdi.

Mart oyi bilan taqqoslaganda yangi avtomobillar savdosida sezilarli darajada oʻsish Namangan (77%), Qashqadaryo (38%), Toshkent (37%) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Samarqand (-4%) viloyatlarida pasayish qayd etildi.

Chet elda ishlab chiqarilgan yengi avtomobillar oldi-sotdisi boʻyicha shartnomalar soni 1,56 ming donani tashkil etdi, bu esa fevral oyi koʻrsatkichidan 3,2% ga kamroqdir.

Avvalroq Spot Chevrolet Qozogʻistonning birlamchi avtomobil bozorida yetakchilikni tiklagani haqida yozgan edi.