Xitoy COVID-19 ga qarshi yangi cheklovlar sharoitida iqtisodiy faollikning katta qisqarishiga duch kelmoqda.
Ikkinchi oydirki chakana savdoda pasayish kuzatilmoqda. Mart oyida doʻkonlar aylanmasi oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 3,5 foizga, aprelda esa 11,1 foizga kamaydi. Sanoat ishlab chiqarishi oxirgi ikki yilda birinchi marta 2,9 foizga kamaydi.
Umuman olganda, Xitoy iqtisodiyoti yanvar-mart oylarida 4,8 foizga oʻsdi, maqsadli 5,5 foizga erishmadi. Tahlilchilar keyingi chorak uchun prognozlarni pastga qarab qayta koʻrib chiqmoqdalar.
“Aprel faolligi [Xitoyda] kutilganidan zaifroq edi. Savdo sektori pasayish boʻyicha yetakchilik qilmoqda, bu lokdaunlar sababli yuzaga kelgan”, dedi UBP katta iqtisodchisi Karlos Kasanova.
Pandemiya boshlanganidan beri Xitoy hukumati unga nisbatan eng qatʼiy yondashuvni qoʻlladi. Butun shaharlar karantinga olingan, ularning aholisi uchun ommaviy testlar tashkil etilgan. Mart oyining oxiridan boshlab, omikron shtammining tarqalishi fonida, Shanxayda lokdaun joriy etildi.
Mahalliy hukumatdagi manbalarga koʻra, mamlakatning eng yirik shahrining ochilishi 1-iyundan erta boʻlmasligi kutilmoqda. Bundan tashqari, Xitoy fuqarolariga zaruratsiz xorijga chiqishlari yana bir bor taqiqlandi.
Iqtisodchilar cheklovlarning global ishlab chiqarishga jiddiy taʼsirini — xususan, taʼminot zanjiridagi boʻshliqlarni qayd etishadi. Vaziyat, shuningdek, koʻchmas mulk ishlab chiquvchilari inqirozidan allaqachon bosim ostida boʻlgan Xitoy iqtisodiyotiga ham taʼsir qiladi.
Bunga javoban, yangi xaridorlar uchun ipoteka stavkalarini pasaytirish choralari koʻrildi. Iqtisodiyotni ragʻbatlantirish boʻyicha ushbu va boshqa qadamlarning samaradorligi koronavirus muammosiga yondashuvga bogʻliq, dedi Pinpoint Asset Management kompaniyasidan Chjan Chjivey.
Qoʻllab-quvvatlash choralarini hisobga olgan holda, ANZ Bank ekspertlari yil oxiriga qadar Xitoy yalpi ichki mahsuloti 5% ga oʻsishini kutmoqda. Biroq, kelgusi yilda ularning qisqarishi kelajakka optimizm uchun asos bermaydi, deya qoʻshimcha qiladi ular.