Bundan avval, Prezident farmoniga muvofiq, 2022-yil 1-iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshirilishi haqida maʼlum qilingandi.
Farmonda toʻliq aytilishicha:
- xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga ajratilgan mablagʻlar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100%igacha, boshqa xodimlarga 75%igacha oylik ustamalar;
- yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 mln soʻmgacha maxsus oylik ustamalar;
- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30%igacha oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlab beriladi.
Farmonga koʻra, tibbiyot muassasalarida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25%i miqdorida qoʻshimcha ustama joriy etiladi.
2022-yil 1-sentyabrdan davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30%igacha miqdorda har oylik qoʻshimcha haq toʻlanadi.
Bundan tashqari, barcha tibbiyot xodimlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtkaziladi.
2022-yil 1-iyuldan viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100%, Moʻynoq tumanida esa 200% miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama toʻlovlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
Bunda, shifokor boshqa hududda kamida 2 yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega boʻlgan boʻlishi lozim.