Oʻzbekiston biznesi Boshqirdiston bilan qator sohalarda hamkorlikni kengaytiradi. Bu haqda “Bashinform” yozmoqda.

Respublika rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi Boshqirdiston delegatsiyasi 16−18 may kunlari Oʻzbekistonda boʻldi. Tashrif doirasida mehmonlar Bosh vazir Abdulla Aripov, viloyatlar rahbarlari va kompaniyalar mutasaddilari bilan uchrashdi.

Jami guruh tarkibiga mahalliy hamkasblar bilan muzokaralarda qatnashgan 70 dan ortiq Boshqirdiston kompaniyalari vakillari kirdi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar bir qator kelishuvlarga erishdilar.

Shu tariqa, oʻzbekistonlik Sardor Kom kompaniyasi Boshqirdistonda mevali ichimliklar, sharbatlar va nektarlar ishlab chiqaruvchi zavod qurishni rejalashtirmoqda. Maʼlum qilinishicha, unga 502 mln rubl (taxminan 88 mlrd soʻm) sarmoya kiritmoqda.

Bundan tashqari, Boshqirdiston Savdo va xizmat koʻrsatish vazirligi, “Eurasia-Ufa” MChJ, shuningdek, Savdo-sanoat palatasining Fargʻona va Namangan shaharlaridagi idoralari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat savdo va oziq-ovqat sanoati korxonalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuningdek, qoʻshma investitsiya faoliyatini rivojlantirish, tovar va xizmatlar bozorlari holati toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumotlar almashish koʻzda tutilgan. Avval xabar qilinganidek, $200 mln.lik shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.

Boshqirdiston rahbari Oʻzbekiston hududlari bilan hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Hozirda Boshqird-Oʻzbekiston tovar ayirboshlash hajmi qariyb $110 mln.ni tashkil etadi, dedi u Aripov bilan uchrashuvda.

“Iqtisodiy hamkorligimiz salohiyati toʻliq ochib berilmagan deb hisoblaymiz. Shuning uchun biz dadil va ishonch bilan barni yarim milliard dollarga qoʻyishimiz va bunga intilishimiz kerak”, — deya qoʻshimcha qildi Xabirov.

Sanksiyalarning kengayishi fonida, xususan, Rossiya va Boshqirdiston oʻzlari uchun ochiq boʻlgan davlatlar bilan hamkorlik qilishga umid qilmoqda, dedi iqtisodchi Vsevolod Spivak. U turizm, oziq-ovqat va yengil sanoatni hamkorlik uchun eng istiqbolli tarmoqlar deb atadi.

Avvalroq Spot Krasnodar va Andijon Oʻzbekiston hamda Rossiyada savdo uylarini ochishga kelishib olgani haqida xabar bergan edi.