Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib Oʻzbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
2022-yil 1-iyuldan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida orttirgan mablagʻlari hisobidan Oʻzbekistonda tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan mehnat migrantlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun “50×50” tamoyili asosida dastur joriy etiladi. Bunda:
- loyiha umumiy qiymatining 50%i miqdorida, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan subsidiya ajratiladi;
- ajratiladigan subsidiyalar har bir ishga qabul qilingan fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasligi kerak;
- subsidiya ajratishda Yagona milliy mehnat tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki qaytib kelgan mehnat migrantlar uchun “Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi joriy etiladi. Bunda:
- dastur doirasida TIF “Milliy bank”, AT “Xalq bank” va AT “Sanoatqurilishbank” tomonidan kamida 1 ming nafar mehnat migrantiga ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, transport, xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha kredit ajratiladi;
- kredit olmoqchi boʻlgan fuqaroning mehnat migratsiyasidan qaytganligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “labor-migration” dasturiy majmuasida qayd etilgan maʼlumotlar asosida taqdim etiladigan tasdiqnoma bilan tasdiqlanadi;
- dasturni amalga oshirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlaridan mazkur kichik bandda koʻrsatilgan banklarga 30 mlrd soʻm miqdorida resurs ajratiladi;
- kredit resurslari Reintegratsiya markazi rahbari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallari tomonidan taqdim etiladigan manzilli roʻyxat asosida moliyalashtiriladi;
- dastur doirasida 33 mln soʻmgacha ajratilayotgan kredit mablagʻlari mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan garov taʼminotisiz ajratiladi.
Avvalroq talabalarning OTM hududida tashkil etgan pullik sport toʻgaraklari, oʻquv kurslari va boshqa taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan olingan daromadlarini soliqdan ozod qilish taklif etilgan edi.