Markaziy bank Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi.

2022-yilning 1-may holatiga koʻra, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $35,9 mlrd.ni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich 2022-yil 1-aprel holatiga koʻra, $35,1 mlrd boʻlgan. Raqamlar oʻtgan bir oyda Oʻzbekistonning rasmiy zaxiralari $790 mln.ga oshganini koʻrsatmoqda.

Aprel oyi davomida oltinning fizik hajmi 10,9 mln troya unsiyadan 11,1 mln troya unsiyaga (taxminan 6,2 tonna), qiymati esa $20,8 mlrd.dan $21,3 mlrd.ga oshgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham $13,1 mlrd.dan $13,5 mlrd.ga koʻpaygan.

“Oʻzbekiston xalqaro zaxiralari 2022-yil boshidan beri $761,6 mln.ga yoki 2,2% ga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1915,45 gacha oʻsishining taʼsiri $1,3 mlrd.ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” ham hisoblanadi — ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga koʻra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Avvalroq Jahon Banki hisobotida Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishi uchun qanday oʻzgarishlar kerakligi aytilgandi.