Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozoridagi talab oʻzgarishlarni tahlil qildi.

Unga koʻra, 2022-yil aprel oyida ikkilamchi bozorda oʻrtacha uy-joy narxlari mart oyiga nisbatan 2,1% ga oʻsdi (martda 1,9% kamayish).

Narxlarda eng yuqori oʻsish surʼatlari Jizzax (6,5%), Andijon (5,3%), Toshkent (5,1%) va Sirdaryo (5%) viloyatlarida kuzatilgan boʻlsa, Surxondaryo (-1,7%), Namangan (-1,4%) va Xorazm (-1,2%) viloyatlarida narxlar pasaygan.


Toshkent shahrida oʻtgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda oʻrtacha uy-joy narxlari 1,3% ga oʻsdi.

Uy-joy narxlarining oʻsishi barcha tumanlarda qayd etilgan boʻlib, eng yuqori oʻsish Bektemir (3,5%), Mirobod (2,6%) va Yunusobodda (2,4%) kuzatilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha aprel oyida oʻrtacha ijara narxi $8,6 ni (1 kv metr uchun) tashkil etib, oʻtgan oyga nisbatan 0,4% ga oʻsgan (martda 9,1% oʻsish). Tumanlar kesimida yuqori ijara narxlari Shayxontohur ($11,7), Mirobod ($10,8) va Yakkasaroyda ($10,6) qayd etilgan boʻlsa, nisbatan pastroq ijara narxlari Sergeli ($5,6), Bektemir ($6,2) va Uchtepa ($6,7) kuzatildi.

Avvalroq Spot Jizzax va Navoiy viloyatlarida yuridik shaxslar tomonidan koʻchmas mulk sotib olish soni koʻpayganligi haqida yozgan edi.