Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ish haqi miqdorini oshirish toʻgʻrisidagi farmoni imzolandi.
“Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻlamini kengaytirish hamda fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish maqsadida 2022-yil 1-iyundan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12%ga oshirilsin”, deyiladi farmon matnida.
2022-yil 1-iyundan:
- Oʻzbekiston hududida eng kam ish haqi miqdori oyiga 920 ming soʻm (hozir 822 ming soʻm);
- bazaviy hisoblash miqdori — 300 ming soʻm (hozir 270 ming soʻm) etib belgilandi.
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan holda toʻlashni taʼminlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilgan.