Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston bilan xususiy investitsiyalarni joriy va yangi yoʻnalishlarda jalb etish boʻyicha hamkorligini kengaytiradi, deya bank matbuot xizmati Spotga xabar berdi.
Bu haqda OTB vitse-prezidenti Ashok Lavasa 20-may kuni boʻlib oʻtgan DXSh boʻyicha davra suhbatida maʼlum qildi. U bu boradagi loyihalar faol rivojlanayotganini qayd etib, Oʻzbekiston tomonini tashkilot tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga ishontirdi.
OTB shaharlarda xizmat koʻrsatish sohasi — chiqindilarni boshqarish, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti va qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni kuchaytiradi. Bu sohalardagi tashabbuslar hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega, dedi Lavasa.
Mehmon OTB ishtirokida amalga oshirilgan ikkita loyiha va ularning dastlabki natijalariga toʻxtalib oʻtdi:
- Toshkent shahrining issiqlik tarmoqlarini Fransiyaning “Veolia” kompaniyasi boshqaruviga oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzolangandan soʻng xavfsizlik standartlariga rioya qilish yaxshilandi, suv, energiya va gaz tejamkorligi 25−40% ni tashkil etdi;
- Metito Utilities kompaniyasining Namanganda rejalashtirilgan oqava suvlarni tozalash inshooti, Oʻzbekistondagi birinchi suv taʼminoti DXSh loyihasi Sirdaryodagi suv sifatini yaxshilaydi, shu bilan birga chiqindilarni kamaytiradi.
OTB qayta tiklanadigan energiya sektorini qoʻllab-quvvatlashni kengaytiradi. Investorlarni jalb qiladigan loyihalarning umumiy quvvati 2 GVtgacha oshadi.
Bundan tashqari, bank Oʻzbekistonni taʼlim sohasida qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish niyatida. Bu xususiy tadbirkorlarni Toshkent shahridagi yangi maktablar, shuningdek, Oʻzbekistondagi maktabgacha taʼlim muassasalarini loyihalash, qurish, moliyalashtirish va taʼmirlash bilan bogʻlashda yordam beradi.
Shuningdek, Lavasaning soʻzlariga koʻra, OTB sogʻliqni saqlash sohasi bilan shugʻullanadi. Bank tibbiy infratuzilma, asbob-uskunalar va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiyalarni jalb qilish orqali yordam beradi.
Mehmon soʻnggi yillarda DXSh sohasida erishilgan natijalarni yuqori baholadi. Shuningdek, u $14 mlrd.lik yangi investitsiya dasturini boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga oʻrnak sifatida koʻrsatdi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoʻllarni taʼmirlash uchun OTBdan $273 mln jalb etilishini maʼqullagani haqida yozgan edi.