Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Elektr stansiyasi yiliga 260 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.
Bundan tashqari, stansiyaning ishga tushirilishi yiliga 78 mln kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldini oladi. Bu miqdorda tejalgan gaz 10 kun ichida mamlakatimizdagi barcha xonadonlarni tabiiy gaz bilan taʼminlaydi.
Loyiha investori Fransiyaning Total Eren kompaniyasi boʻlib, u $100 mln sarmoya kiritgan.
Vazirlik, shuningdek, 2023-yil oxirigacha Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida quvvati 220 MVt boʻlgan yana bir quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirishini taʼkidladi.
Avvalroq Spot prezident Qoraqalpogʻistonda shamol elektr stansiyasi qurilishini boshlagani haqida yozgan edi.