“Huquqiy axborot” kanali xabariga koʻra, xizmatni koʻrsatish tartibi quyidagicha:
- Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʻyxatdan oʻtadi hamda soʻrovnoma toʻldiradi.
- Vakolatli organ (Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi) joylardagi oʻlchovlarni amalga oshiradi.
- Ariza beruvchi tomonidan hisob-fakturada koʻrsatilgan toʻlov amalga oshirilgach, kadastr pasporti shakllantiriladi.
Kadastr pasportini tayyorlash obyektning murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi boʻyicha: koʻp kvartirali uydagi kvartira — 3 ish kunigacha; yakka tartibdagi turar joy — 5 ish kunigacha;
koʻchmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha: umumiy maydoni 100 kv.m. gacha — 5 ish kunigacha; umumiy maydoni 100 kv.m. dan 1 000 kv.m. gacha — 7 ish kunigacha; umumiy maydoni 1 000 kv.m. dan 5 000 kv.m. gacha — 10 ish kunigacha; umumiy maydoni 5 000 kv.m. dan 15 000 kv.m. gacha — 15 ish kunigacha; umumiy maydoni 15 000 kv.m. dan 50 000 kv.m. gacha — 20 ish kunigacha; umumiy maydoni 50 000 kv.m. dan ortiq — 25 ish kunigacha; ajratilgan yer uchastkalari boʻyicha — 3 ish kunigacha.
YaIDXP orqali murojaat etilganda, toʻlov qiymati summasining 90 foizi undiriladi.
Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
- koʻchmas mulk obyekti boʻyicha birlamchi kadastr yigʻmajildi (pasporti) mavjud boʻlib, begonalashtirilganda yoki obyektda oʻzgarishlar (rekonstruksiya, qoʻshimcha va alohida qurilish) mavjud boʻlmaganda;
- koʻchmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda obyektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi oʻzgarganda;
- kadastr yigʻmajildi (pasporti) yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda).
- Ushbu holatlarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Qogʻoz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.