Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga koʻplab fuqarolardan tijorat banklari tomonidan ularning kredit soʻrovlari tushunarsiz sababga koʻra rad etilayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Murojaatchilarning izohlashicha, banklar ularga “Markaziy bankning qarz oluvchilar boʻyicha “qora roʻyxat"iga kirganligini va bunday roʻyxatga tushganlarga kredit berilmasligini” vaj qilib koʻrsatishmoqda.

Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:


Avvalo, aytib oʻtish kerak, bank tizimida “qora roʻyxat” tushunchasi, umuman, kredit ajratilishi ta’qiqlangan fuqarolar boʻyicha tuzilgan “maxsus roʻyxat” yoki “ma'lumotlar bazasi” mavjud emas.

“Qora roʻyxat” tushunchasi yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan ayrim bank xodimlari tomonidan kredit arizasini koʻrib chiqish jarayonida ilgari olingan yoki joriy krediti boʻyicha toʻlovlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlardan kechiktirib toʻlagan fuqarolarga “qora roʻyxatga tushib qolgansiz” deb izoh berishi (tushuntirishi) oqibatida vujudga kelmoqda.

Ushbu holat aslida fuqaroning “kredit tarixi” ma’lumotlari bilan bogʻliq boʻlib, hozirgi kunda undan barcha kredit beruvchi tashkilotlar fuqaroga kredit berishdan oldin ushbu ma’lumotlardan foydalanishmoqda.

Xoʻsh, “kredit tarixi” nima va uning qanday ahamiyati bor?

Soʻnggi yillarda kredit tashkilotlari (banklar va mikrokredit tashkilotlari) va hattoki ayrim tovar iste’mol krediti beruvchi savdo tashkilotlari tomonidan fuqarolarga kredit ajratish jarayonida ularning ilgari olgan qarz mablagʻlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganligi hamda joriy qarzdorliklari mavjudligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Fuqarolarning kredit bitimlari, ularning ijro etilishi holati, jumladan, ilgari qaysi kredit tashkilotlaridan qancha miqdorda kredit olganligi, kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlaganligi, boshqa kreditlar uchun berilgan amaldagi kafilliklar hamda joriy kredit qarzdorliklari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar majmui “kredit tarixi” deb ataladi.

Kredit tashkilotlari “kredit tarixi” ma’lumotlari asosida potensial qarz oluvchining kreditga layoqatliligini baholaydi, ya’ni qarz oluvchi olayotgan krediti boʻyicha majburiyatlarini kelgusida lozim darajada bajara olish imkoniyati, ilgari olgan kreditlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarganligi, boshqa kredit tashkilotlaridan hozirgi qarzdorligi miqdori kabi ma’lumotlarni oʻrganib chiqqan holda fuqaroning kredit toʻlovlarini toʻlash borasida qay darajada intizomli va mas’uliyatli ekanligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.

Har bir kredit tashkiloti oʻzining kreditlash tartibi talablari va kreditning qaytmaslik riskini baholash mezonlaridan kelib chiqib, potensial qarz oluvchining kredit tarixi ma’lumotlari, daromadi hamda taklif etilayotgan kredit ta’minotini tahlil qiladi va yakunda kredit ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan mustaqil qaror qabul qiladi. Oʻz navbatida, mazkur qarorlar turli kredit tashkilotlarida turlicha boʻlishi mumkin.

Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati “kredit tarixi"ngiz hisobotida muddati oʻtgan qarzdorlik toʻgʻrisidagi ma’lumotlar paydo boʻlishining oldini olish uchun kredit va boshqa moliyaviy majburiyatlaringiz boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab borishga chaqiradi.

Zero, qarz boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarishda ma’suliyatsizlikka yoʻl qoʻyish, ya’ni kredit toʻlovlarini belgilangan muddatlardan kechiktirib toʻlash hozircha arzimas boʻlib tuyilsa ham, kelgusida kredit tashkilotlaridan qarz olish imkoniyatini pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.