Joriy yilning 23-may kuni O’zbekistan Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov rahbarligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Yevropaning qator davlatlariga uyushtirilayotgan “roadshow” uchrashuvlari doirasida dastlab Istanbul shahrida Turkiya Moliya vazirligi va kapital bozori regulyatorlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.
Turkiya Moliya vaziri o’rinbosari Murat Zaman boshchiligidagi mutaxassislar bilan o’tkazilgan uchrashuvda:
- davlat qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirish imkoniyatlari;
- davlat qarzini samarali boshqarish;
- birlamchi dilerlik institutini joriy qilish;
- inflatsiyaga bog’langan obligatsiyalarni chiqarishning o’ziga xos jihatlari;
- valyuta va foiz xatarlarini boshqarish;
- o’rta muddatli qarzni boshqarish strategiyasini qo’llash hamda soha vakillarining malakasini oshirish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Xususan, Turkiya Moliya vazirligi bilan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki banki mutaxassislarining qarzni boshqarish va kapital bozorlarini rivojlantirishda malakasini oshirish va hamkorlikni kengaytirish borasida dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv davomida kapital bozorlari infratuzilmasini texnologik va qonunchilik nuqtayi nazaridan zamonaviylashtirish bo’yicha tajriba almashish, ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali fond bozorlarida davlat korxonalarining aksiyalarini birlamchi ommaviy IPO joylashtirish masalalari yuzasidan fikr almashinildi.
Ma’lumot uchun: 2021-yilning aprel oyida Prezident tomonidan imzolangan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirishni va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyati tugatilgan edi.
Agentlikning barcha vakolatlari, funksiya, vazifalari va mol-mulki Moliya vazirligiga o‘tkazilgan. Agentlikning o’zi esa 2019- yil yanvar oyida tashkil etilgan edi.