1-iyundan Hindiston shakar eksporti uchun kvotani joriy qiladi, deb xabar bermoqda Reuters.
Sentyabr oyining oxirigacha mamlakatdan maksimal 10 mln tonna shakar eksport qilinishi mumkin. Bundan tashqari, savdogarlar 31-oktyabrgacha hukumatdan shakarni xorijda sotishga ruxsat soʻrashlari kerak.
Bunday chora-tadbirlar 2016-yildan beri birinchi marta joriy etilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish departamenti eksportga qoʻyilgan cheklovlarni ichki bozorni shakar bilan toʻldirish va narxlarni barqarorlashtirish istagi bilan izohladi.
Hozir Hindistonda oziq-ovqat inflyatsiyasi tezlashmoqda. Oʻrtacha oʻtgan yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 8,4% ga, aprel oyida esa deyarli 2% ga oshdi. Shakar, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 5,2% ga qimmatlashgan.
Hindiston dunyodagi eng yirik shakar ishlab chiqaruvchi va eksport boʻyicha Braziliyadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Oʻtgan mavsumda, 2020-yilning oktyabridan 2021-yilning sentyabriga qadar xorijga 7,2 mln tonna shakar sotilgan. Bu yil uchun 9 mln tonnalik shartnomalar imzolangan.
Oʻzbekistonga hind shakari ham yetkazib berilmoqda. Xususan, mart oyidan boshlab Hindiston eksportchilari uni Pokiston va Afgʻoniston hududi orqali tranzit sifatida joʻnatishni boshladilar — bu ushbu yoʻnalish boʻyicha birinchi yetkazib berish edi.
Mart oyida Rossiya avgust oyining oxirigacha oq shakar va xom qamish shakarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilishni taqiqladi. Bundan biroz oldin Ukraina shirin mahsulotlar eksportini ham toʻxtatdi.
Biroq, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda shakar taqchilligi tahdidi yoʻq. Braziliya hozir uning asosiy yetkazib beruvchisi boʻlib, uzluksiz taʼminot uchun muqobil yoʻnalishlar ishlab chiqilmoqda.