Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga koʻra:

  • ️respublikadagi ichimlik suvi ta’minoti ogʻir holatdagi 1 545 ta mahalla (shundan 2022-yilda 140 ta) ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Buning uchun mahalliy budjetlardan jami 444,6 mlrd soʻm, shu jumladan joriy yilda 106,3 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi;
  • ️1 691 ta maktab, 885 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 377 ta tibbiyot muassasalari ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilda jami 50 mlrd soʻm, 2023-yildan har yili respublika va mahalliy budjetlardan teng ulushlarda 50 mlrd soʻmdan, jami 100 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan;
  • ️2022−2024-yillarda respublika boʻyicha 2660 ta mahallada ichimlik suvi tarmoqlari uy xoʻjaligigacha yetkaziladi. Buning uchun “Oʻzsuvta'minot” AJ tomonidan 180 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Shuningdek, qarorga koʻra avvalgi yillarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan yoki foydalanishga topshirilmagan ichimlik va oqova suv ob’yektlari (17 ta) toʻliq foydalanishga topshiriladi.

2023-yil 1-yanvardan:

  • ️aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “Oʻzsuvta'minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
  • ️respublika hududiga texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarni va ularning qoʻshimcha vositalarini olib kirish hamda oʻrnatish taqiqlanadi;
  • ️ichimlik suvi ta’minoti ob’yektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda (oʻlchov uskunalari oʻrnatilib, ichimlik suv uy xoʻjaligigacha yetkazilgan taqdirda) aholining ixtiyoriga koʻra davlat xizmatlari markazlari orqali yoki “Oʻzsuvta'minot” AJ bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga va oʻlchov uskunalarini tamgʻalashga ruxsat beriladi.

2023-yil 1-yanvardan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatilishi talab etiladi.

2024-yil 1-yanvardan masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni oʻrnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilarga ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan ta’minlanmagan iste’molchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi.

“Oʻzsuvta'minot” AJ qoshida Sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish hamda oʻrnatish boʻyicha metrologiya xizmati va uning hududiy filiallari tashkil etiladi.