Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, mutasaddi idoralar bilan birgalikda 5 ta qadimiy shaharda joylashgan 1000 dan ortiq madaniy meros obyektida reklama va axborot koʻrsatkichlari oʻrnatilishi qonuniyligi oʻrganildi.

Qayd etilishicha, oʻrganish davomida qonunchilik talablariga zid ravishda 72 ta obyektlarga 121 ta reklama oʻrnatilgani aniqlangan.

Xususan, Buxoroda 27 ta madaniy meros obyektida 50 ta, Samarqandda 25 ta obyektda 45 ta, Toshkent shahrida 18 ta obyektda 24 ta, Xivada 2 ta obyektda 2 ta reklama banneri oʻrnatilgan.

Xususan, Buxoro shahrida joylashgan noyob arxitektura yodgorligi toifasiga kiruvchi XIX asrga oid “Ibrohim Oxund” madrasasida 6×3 oʻlchamdagi “Goʻzallik saloni” reklama banneri oʻrnatilib, obyektning tarixiy koʻrinishi toʻliq yopib qoʻyilgan.

Poytaxtdagi XX asrga oid “Bahor” restorani binosida 7×9 oʻlchamdagi “Bilyard va restoran” reklama banneri oʻrnatilib, bino tarixiy koʻrinishi koʻrimsiz holatga keltirilgan.

Oʻrganishlar davomida 53 ta obyektda noqonuniy oʻrnatilgan 99 ta reklama bannerlari olib tashlanishi taʼminlanib, madaniy meros obyektlari koʻrinishi asl holatiga qaytarilgan.

19 ta obyektda noqonuniy oʻrnatilgan 22 ta reklama bannerini olib tashlash yuzasidan mutasaddi shaxslarga yozma koʻrsatmalar berilgan.