OʻzAning xabar berishicha, “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, 2022-yil hosilidan sugʻoriladigan maydonlarning har gektaridan oʻrtacha 2,5 tonnadan jami 2 550 ming tonna bugʻdoyning:
- 1 783,5 ming tonnasi tovar bugʻdoy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasi urugʻlik uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xarid qilinadi;
- 500 ming tonnasi fermer xoʻjaliklari hamda boshqa gʻalla yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamgʻarmaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinadi.
2022-yil hosili uchun bugʻdoy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bugʻdoy 2022-yilning iyul-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilingan va bugʻdoy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:
- 3 va undan yuqori sinflardagi bugʻdoy — birjadan xarid qilingan bugʻdoyning 75 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan, un ishlab chiqarish quvvatlariga ega tadbirkorlarga;
- 4- va 5-sinflardagi bugʻdoy — barcha tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.
Olis, borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Qarorga koʻra, donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni tezkor va shaffof amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “d-xarid.uz” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Shuningdek, qaror bilan gʻallani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, toʻlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining oʻsishi va taqchilligining oldini olish boʻyicha Respublika shtabi tashkil etiladi.
Quyidagilar Respublika shtabining asosiy vazifalari etib belgilangan:
- bugʻdoyni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish va boshoqli don ekinlari yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish boʻyicha taklif tayyorlash;
- gʻallani oʻz vaqtida yigʻishtirib olish, daladan don qabul qilish shoxobchalariga nest-nobud qilmasdan olib kelish va grafik asosida birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
- taqchillikka yoʻl qoʻymaslik va narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida hududdagi isteʼmol talabi uchun zarur boʻlgan un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelish hamda “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari saqlab qolinishini nazorat qilish;
- gʻallani tasdiqlangan grafik asosida birja savdolariga chiqarish hamda toʻlovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat oʻrnatish;
- gʻallani sotib olish va sotish boʻyicha yangi tizim shaffofligi, toʻlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash.