Prezidentning “Iste'mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga koʻra:


2022-yil 1-maydan boshlab 2023-yil 1-yanvarga qadar:

  • bir qator tovarlarni (ilova) olib kirishda bojxona bojlarining nol stavkalari belgilanadi;
  • savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng koʻp qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojining ikki baravar stavkasi qoʻllanilmaydi.

Quyidagilarni 2022-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) vaqtinchalik taqiqlanadi:

  • oʻsimlik yogʻi, shu jumladan paxta, kungaboqar yogʻi, bundan amaldagi kontraktlar (shartnomalar) doirasida 2022-yil 1-iyunga qadar oldindan toʻlovlar amalga oshirilgan holatlar, shuningdek, Oʻzbekiston “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlanganlari mustasno;
  • kungaboqar urugʻlari (TIF ТH kodi 1206 00) hamda boshqa yogʻ oʻsimliklarining urugʻlari va mevalari (TIF ТH kodi 1207), bundan qonunchilikda belgilangan holatlar mustasno.

Vazirlar Mahkamasiga mazkur tovarlarning ichki bozorda yetarli hajmi mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu bandda koʻrsatilgan tovarlar eksportini qayta tiklash huquqi berildi.


2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:

  • Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-yanvardagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari tugʻrisida"gi 41-son qarorida nazarda tutilgan davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari doirasida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish boʻyicha cheklovlar;
  • Oʻzbekistonga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi vaqtinchalik toʻxtatiladi.