AKT vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda frilanser boʻyicha ochiq muloqot oʻtkazadi. Bu haqda Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
3-iyun kuni interaktiv onlayn uchrashuv boʻlib oʻtadi. Har bir ishtirokchi vazirga oʻzini qiziqtirgan savolni berishi, faoliyat jarayonidagi muammolarni muhokama qilishi, shuningdek, oʻz ish tajribasi bilan oʻrtoqlashishi mumkin boʻladi.
Muloqot quyidagi mavzularni qamrab oladi:
- ️Frilanser platformalar bilan ishlashni qanday boshlash kerak;
- ️Frilanser platformada olingan foydani Oʻzbekistondagi banklar orqali qanday qilib yechib olish mumkin;
- ️Frilanserlarning muammolarini tezkor aniqlash mexanizmlari hamda ularning yechimlarini izlash.
Yigʻilish yakunida savol-javob sessiyasi rejalashtirilgan.
Ochiq muloqot 3-iyun kuni soat 10:00da boshlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning efiri ostida savollar qoldirish mumkin.
Uchrashuv Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Facebook va Youtubeʼdagi sahifalarida translyatsiya qilinadi. Uni Sherzod Shermatovning Facebookʼdagi profilida ham kuzatib borish mumkin.
Ishtirokchilarga frilanser suhbatlari uchun maxsus mavzularni aniqlash uchun soʻrovnomani toʻldirish taklif etiladi. Shaklni ushbu havolada toʻldirish mumkin.
Avvalroq Spot Oʻzbekiston frilanser bozorining rivojlanishi, Tehnikum dolzarb kasblar maktabi asoschisi Dmitriy Seredin haqidagi hikoyani eʼlon qilgan edi.